Xorijiy fuqarolar uchun

XORIJIY FUQAROLARNI TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASIGA QABUL QILISH TARTIBI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” gi 169-sonli Qarori va mazkur Qaror bilan tasdiqlangan Nizomga asosan Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) ga xorijiy fuqarolar test sinovlari topshirish yo‘li bilan o‘qishga qabul qilinadi.

Xorijiy fuqarolarning hujjatlari TTA qabul komissiyasi tomonidan quyidagi ro‘yxatga asosan qabul qilinadi:

  • F.I.Sh., fuqarologi va ta’lim yo‘nalishi ko‘rsatilgan rektor nomiga ariza;
  • Milliy pasport kopiyasi;
  • O‘zbekistonda yashash guvohnomasining kopiyasi (Вид на жительство) – agar mavjud bo‘lsa;
  • Xorijiy fuqaroning o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotini tasdiqlovchi shahodatnoma/diplom/sertifikatning o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qilingan va notarius tomonidan tasdiqlangan kopiyasi;
  • Tibbiy ma’lumotnoma (086 shakli);
  • Fotosurat (3,5×4,5) – 6 dona.

Xorijiy fuqarolarning hujjatlari faqat mazkur davlatning milliy fuqarolik pasporti asosida qabul qilinadi va ular milliy fuqarolik pasporti kopiyasini topshiradilar.

Shu bilan birga, agar xorijiy fuqaro O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga (Вид на жительство) ega bo‘lsa, ushbu holatda xorijiy fuqaroning milliy pasporti kopiyasi bilan birga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvoxnomasi kopiyasi ham topshiriladi. Qayd etilgan fuqarolar ham O‘zbekiston Respublikasida doimiy ravishda istiqomat qilayotgan xorijiy fuqaro hisoblanib, yuqorida ko‘rsatilgan xorijiy fuqarolar uchun o‘rnatilgan tartibda hujjat topshiradilar.

Xorijiy fuqaro o‘qishga faqat to‘lov-shartnoma asosida qabul qilinib, ular to‘lovlarini xorijiy fuqarolar uchun belgilangan miqdorida amalga oshiradilar. Xorijiy fuqarolar o‘qish uchun to‘lovlarini chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to‘lov kunida belgilangan kurs asosida milliy valyutada amalga oshiradilar. Shu bilan birga xorijiy fuqarolar to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi bank to‘lov topshiriqnomasi yoki kvitansiyasi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi banklarida chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to‘g‘risida sertifikatni ham topshiradilar.

O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar bundan mustasno. Ular to‘lovlarni chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to‘lov kunida belgilangan kurs asosida, milliy valyutada amalga oshiradilar. Ulardan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to‘g‘risidagi sertifikat talab etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risidagi qonuni”ning 4-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan va “Fuqaroligi yo‘q shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi” ga ega bo‘lgan shaxslar xorijiy fuqaro kabi emas, balki O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun o‘rnatilgan umumiy tartib asosida hujjat topshiradilar va o‘qishga qabul qilinadilar. O‘qish uchun to‘lovlar ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda va to‘lov miqdorida milliy valyutada amalga oshiriladi.

TTA qabul hay’ati

Translate: Eng Рус