Tibbiyot vakillarining kiyinish odobi, tibbiy deontologiyasi va madaniyati nizomi

“Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi barcha boshqaruv apparati, tibbiyot davolash-profilaktika hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muasassalari, tashkilot, korxonalar xodim, talabalar va abiturientlarning tibbiy deontologiyasi va madaniyati to‘g‘risida”gi
NIZOM

ASOSIY QISM

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Mazkur Nizomning maqsadi – vazirlik tizimidagi barcha boshqaruv apparati, tibbiyot davolash-profilaktika hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muasassalari, tashkilot va korxonalar (bundan keyin–muassasa) uchun tartibli kiyinish me’yorlarini belgilash, shuningdek, deontologik nuqtai nazardan sog‘lom ma’naviy, ijtimoiy-psixologik muhit barqarorligini ta’minlash, kasbga nisbatan va o‘zaro hurmat munosabatlarini mustahkamlashdan iborat.

1.2. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 29-avgustdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” hamda Tibbiyot ta’limi muassasalarida amaldagi “Odob-axloq qoidalari”ga muvofiq ishlab chiqilgan.

1.3. Ushbu Nizomning talablari barcha tibbiyot xodimlari, professor-o‘qituvchi, xodim (xona mudirlari, laborantlar, kotibalar, bo‘lim xodimlari) hamda talabalar uchun majburiy hisoblanadi.

1.4. Nizomda ko‘rsatilgan “qoidalar” tashkilot ichki me’yoriy hujjatlariga kiritilishi shart.

II. Muasassa xodim va talabalarning muomalasi va kiyinishiga qo‘yiladigan TALABLAR

2.1. Dunyo miqyosida qabul qilingan xizmat protokoli qoidalariga muvofiq jiddiy, ishchan va didli, ziyoli shaxs qiyofasini shakllantirish maqsadida korporativ kiyinish uslubi talablariga amal qilinadi.

2.2. Muassasada rahbar xodimlar, pedagog, shifokor (yoki bo‘lajak pedagog, shifokor) kasbiga mos holda kiyinishlari talab etiladi. Tibbiyot xodimi o‘zini tutish san’ati hamda muloqot madaniyati va kasbdoshlar o‘rtasida va bemorlar bilan muloqotda hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlari shart. Bunda o‘qituvchi va murabbiylar talabalarga ibrat namunasini ko‘rsatishlari shart.

Jamoa a’zolarining tibbiyot ta’limi, davolash-profilaktika muassasasiga odamlar diqqatini tortadigan, tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, shuningdek, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda yoki e’tirof etilgan milliy-an’anaviy shakllarga zid kiyimlarda, g‘ayrioddiy soch turmaklari, ortiqcha bo‘yangan, past saviyali “ommaviy madaniyat” belgilarini o‘zida namoyish etgan holda, sport kiyimi va poyabzalida kelishi taqiqlanadi.

2.3. Tibbiyot ta’lim va davolash-profilaktika muassasalariga orasta bo‘lib, unga monand kiyimda kelish talab etiladi. Tanaga bodiard uslubida turli suratlar chizdirish, tatuaj va pirsinglar tushirish odob-axloq qoidalariga zid hisoblanadi hamda muassasa yoki tashkilot, institutga bu holda kelish taqiqlanadi.

III. Muasassa xodim va talabalarning muomalasi kiyinish QOIDALARI

3.1. Tibbiyot muasassasida faoliyat ko‘rsatayotgan va ta’lim olayotgan ayol tibbiyot xodimi va talabalariga qo‘yilgan talab:

3.1.1 Xodim o‘zini tutish san’ati hamda muloqot madaniyati va kasbdoshlar o‘rtasida, bemorlar bilan muloqotda hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlari kerak.

3.1.2 Ustki kiyimning turlari – bichimi ortiqcha bezaklardan xoli, klassik shakldagi kostyum, yubka, bluzka va ko‘ylakdan iborat.

3.1.3. Kostyum, yubka va ko‘ylaklar qora, kulrang, ko‘k ranglardagi sidirg‘a yoki chiziqli klassik matolardan, bluzka esa, oq rangda bo‘lishi lozim. Yubkaning uzunligi tizzadan yuqori bo‘lmasligi kerak.

3.1.4. Aksessuarlar (sumka, ko‘zoynak va bezaklar) ham korporativ uslubga mos holda tanlanishi, ortiqcha bezaklardan xoli bo‘lishi, zargarlik taqinchoqlari (zirak, uzuk, munchoq va boshqalar) ko‘zga yaqqol tashlanmaydigan, nozik, nafis va sipo shaklda did bilan taqilishi lozim.

3.1.5. Sochlar orasta yig‘ilgan, o‘rilgan yoki turmaklangan, ortiqcha aksessuarlardan xoli bo‘lishi kerak.

3.1.6. Oq xalat va shunga monand bosh kiyim toza, tekis, tizzadan pastda turishi, yengi uzun (faslga qarab), klassik uslubda, chet el va turli xil firma yorliqlaridan xoli bo‘lishi lozim.

3.2. Tibbiyot muasassasida faoliyat ko‘rsatayotgan va ta’lim olayotgan erkak tibbiyot xodimi va talabalariga qo‘yilgan talab:

3.2.1. Xodim o‘zini tutish san’ati hamda muloqot madaniyati va kasbdoshlar o‘rtasida, bemorlar bilan muloqotda hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlari kerak.

3.2.2. Ustki kiyimning turlari – bichimi klassik shakldagi kostyum, shim, ko‘ylak hamda galstukdan iborat.

3.2.3. Kostyum va shimlar qora, kulrang, ko‘k ranglardagi sidirg‘a yoki chiziqli matolardan, ko‘ylaklar esa ochiq ranglarda (oq, kulrang, ko‘k) bo‘lishi lozim.

3.2.4. Galstukning kengligi o‘rtacha, uzunligi kamargacha bo‘lib, rangi kostyum va ko‘ylakka mos tanlanishi kerak.

3.2.5. Talaba yigitlar talabaga mos, ruchka, qalam, kitob, daftarlar solib yurish mumkin bo‘lgan, rangi ustki kiyimga yarashimli qora, kulrang, jigar rangdagi sumka-portfellar tutishlari lozim.

3.2.6. Oq xalat va shunga monand bosh kiyim toza, tekis, tizzadan pastda turishi, yengi uzun (faslga qarab), klassik uslubda, chet el va turli xil firma yorliqlaridan xoli bo‘lishi lozim.

IV. Muasassa xodim va talabalarning kiyinishida man qilinadigan holatlar

4.1. Ayol xodima va talaba qizlar uchun:

4.1.1. Uzunligi tizzadan kalta bo‘lgan, shaffof va yaltiroq matolardan tikilgan, bichimi tor, badanga yopishib turadigan, ko‘krak, qorin, yelka qismi ochiq bluzka va ko‘ylaklar kiyish;

4.1.2. Bezak sifatida ma’naviy-axloqiy tarbiyaga mos kelmaydigan yozuvlar, turli reklama ma’lumotlari, davlat ramzlari, zo‘ravonlik, fahsh elementlarini targ‘ib qiluvchi rasmlar va yozuvlar aks etgan, rusum sifatida “yirtilgan”, “titilgan” va jinsi matosidan tikilgan kiyimlarda yurish;

4.1.3. Muassasa hududida sport kiyimlari, kalta shim va krossovkalarda yurish (jismoniy tarbiya darslari va darsdan so‘ng talabalar turar joyi binosi, sport maydonchalari va hasharlardan tashqari);

4.1.4. Hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurish;

4.1.5. O‘quv anjomlarini ro‘zg‘or, bozor-o‘char uchun mo‘ljallangan paket-xaltalarda olib yurish;

4.1.6. Quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga zirak yoki metall buyumlar taqib yurish;

4.1.7. Oq xalat va kiyimlarda turli xil chet el va boshqa firma yorliqlari bo‘lishi taqiqlanadi.

4.2. Erkak xodim va talaba yigitlar uchun:

4.2.1. Bichimi tor, yaltiroq, badanga yopishib turadigan hamda ma’naviy-axloqiy tarbiyaga mos kelmaydigan yozuvlar, turli reklama ma’lumotlari, davlat ramzlari, zo‘ravonlik, fahsh elementlarini targ‘ib qiluvchi rasmlar va yozuvlar aks etgan, rusum sifatida “yirtilgan”, “titilgan” va jinsi matosidan tikilgan kiyimlarda yurish;

4.2.2. Muassasa hududida sport kiyimlari, kalta shim va krossovkalarda yurish (jismoniy tarbiya darslari va darsdan so‘ng TTJ binosi, sport majmuasi va hasharlardan tashqari);

4.2.3. O‘quv anjomlarini ro‘zg‘or, bozor-o‘char uchun mo‘ljallangan paket-xaltalarda olib yurish;

4.2.4. Soch-soqollarni o‘stirib yurish;

4.2.5. Bo‘yin taqinchoqlari yoki turli metall buyumlarini taqish yoki osib yurish;

4.2.6. Oq xalat va kiyimlarda turli xil chet el va boshqa firma yorliqlari bo‘lishi taqiqlanadi.

Hujjat turi:  NIZOM
Qabul qilinish sanasi:  20.01.2016

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *